Şrift:
Zahiriddin Muhammad Boburga kim ism qoʻygan edi?
18.02.2020 [13:25] - Türkün şanlı tarixi
Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga kelgan paytlarda temuriyzodalar hukmronlik qiladigan Movarounnahr va Xuroson oʻlkasida Xoja Ubaydullo Ahror (Xoja Ahror Valiy, 1404–1490)ning nufuzi nihoyatda baland edi. Shu bois, temuriy hukmdorlar oʻrtasidagi koʻplab nizoli vaziyatlarni tinchlik yoʻli bilan hal qilgan. Xoja Ahrorga Boburning otasi Umarshayx mirzo shu qadar ixlos qilar ediki, Xoja uni doimo “oʻgʻlim” deb ardoqlar edi.
1483-yilning 14-fevralida Umarshayx mirzo xonadonida oʻgʻil farzand dunyoga kelgach, mirzo Xoja Ubaydulloga odam yuborib, shahzodaga ism qoʻyib berishni soʻraydi. Xoja chaqaloqqa Zahiriddin Muhammad, yaʼni “Muhammad (s.a.v.) dinining tayanchi” deb nom beradi.
Boburning xolavachchasi, tarixchi va davlat arbobi Mirzo Muhammad Haydar bu haqda shunday yozadi: “...bu paytda chigʻatoylar koʻchmanchi hayot kechirishar, oʻtroq emas edi, ular Zahiriddin Muhammadni aytishga qiynalishardi, shu sababli uni Bobur deb ham atardilar. Xutba va yorliqlarda uni Zahiriddin Muhammad Bobur deb aytishdi va yozishdi. Ammo u koʻproq Bobur Podshoh nomi bilan mashhurdir”. Gulbadanbegimning aytishicha, 1508-yil, Boburning vorisi Humoyun mirzo tugʻilgach, Bobur oʻzini “podshoh” deb atashlari haqida farmon bergan.
Keyinchalik, Bobur oʻziga ism qoʻygan piri komil (Ubaydullo Ahror)ning “Risolai Volidiya” asarini turkiy tilga nazmiy (sheʼriy) tarjima qildi. Bu bilan, Bobur xoja oldidagi ulkan maʼnaviy qarzni ado etgan boʻlsa, ajab emas.
Bu haqda u oʻzining “Boburnoma” asarida shunday yozadi: “Juma kuni, oyning yigirma uchinchisida badanimda isitma zohir boʻldi (1528-yili Hindistonning Gvaliyar viloyatida – A.Z.). Shunday boʻldiki, juma namozini masjidda qiynalib oʻqidim. Ertasiga peshin namozini ehtiyot yuzasidan kitobxonada biroz muddatdan soʻng oʻqidim. Indini, yakshanba kuni yana isitmam chiqdi, ozroq titradim. Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettinchisida hazrat Xoja Ubaydullohning “Volidiya” risolasini nazm qilmoq fikri koʻnglimga keldi.
Hazratning ruhiga iltijo qilib, koʻnglimdan kechirdimki: agar bu manzuma hazratga maʼqul boʻlsa, ... bu xastalikdan forigʻ boʻlsam, nazmim qabul qilinganiga shu dalil boʻlardi. Ushbu niyat bilan... risolani nazm etishga kirishdim. Oʻsha kechaning oʻzida oʻn uch bayt yozdim. Xuddi atayin kelishilgandek, har kuni oʻn baytdan kam bitilmas edi.
Darvoqe, bir kungina bu ish qilinmadi. Oʻtgan yili va balki har gal bu xastalikka chalinganimda, aqalli bir oy, qirq kun ogʻrirdim. Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan, payshanba kuni, oyning yigirma toʻqqizinchisida birozgina isitmaladim, keyin mutlaqo tuzalib ketdim. Shanba kuni, rabi ul-avval oyining sakkizinchisida risola soʻzlarini sheʼrga solish nihoyasiga yetdi”.
Bobur shunday bir niyat bilan Xoja Ahrorning “Volidiya” risolasini turkiy nazmga kirita boshlaydi va tarjima oxiriga yetmay turib kasallikdan shifo topadi.
Asar esa bir oyyu qirq kunda turkiy nazmiy shakl hosil qiladi. Bobur “Volidiya” risolasining boshlangʻich qismida Xoja Ahrorni shunday taʼriflaydi:

Hazrati Xoja Ubaydullohdi,
Eshit ul sirri xudoogohdin,
Xojalar xojasi ul Xoja Ubayd,
Xodimu chokari Shibliyu Junayd.
Holatu martabasi zohirdur,
Vasfu taʼrifida til qosirdur.


Akbar ZAMONOV, falsafa doktori, dotsent
Toşkent/Ozbekistan
Bu xəbər oxucular tərəfindən 37935 dəfə izlənilmişdir!
Google Yahoo Facebook Twitter
Del.icio.us Digg StumbleUpon FriendFeed